2024-yil 19-yanvar kuni 2-kurs “Qishloq xoʻjalik mahsulotlarini saqlash va dastlabki ishlash texnologiyasi” taʼlim yoʻnalishi 204-guruh talabalari Oʻquv-uslubiy boʻlim boshligʻi dotsent A.Abdiyev, “Agrotexnologiyalar” kafedrasi assistenti N.Toʻxtamurodova rahbarligida “Mevachilik va sabzavotchilik” hamda “Dehqonchilik va oʻsimlikshunoslik” fanlaridan amaliy mashgʻulot darsini viloyatimizdagi “Hosildor zamin” zamonaviy koʻchatchilik taʼlim majmuasida koʻchma dars shaklida oʻtkazishdi
Tashrif davomida majmuada oʻquv mashgʻulotlari olib borish uchun ajratilgan auditoriyada umumiy maʼlumotlar berildi. Shundan soʻng 700 ming tup mavsumiy gul koʻchatlari tayyorlangan zamonaviy issiqxonada yomgʻirlatib sugʻorish usulida yetishtirilayotgan gul koʻchatlarini tayyorlash sirlari boʻyicha soha mutaxassislari tomonidan tushuntirish berildi
Shuningdek, talabalar issiqxonada qurilgan mahsulotlarni saqlash omborxonasida boʻlishdi. Tajriba dalasida esa toʻqsonbosti usulda ekilib, tomchilatib sugʻorish usuli bilan parvarishlanayotgan sarimsoq, Invitro yoʻli bilan payvandlash orqali koʻpaytirilayotgan “Avatar” navli uzum koʻchatlari hamda bodom, shaftoli, oʻrik koʻchatlari dalalarida boʻlishdi
78 gektarni tashkil etadigan majmuaning mevazorida olma daraxtiga shakl berish jarayonida ishtirok etishdi
Institut axborot xizmati