Talabalar yotoqxonasiga joylashish uchun onlayn ariza topshirish
O‘zbekistonda 22-avgust kuni davlat oliy ta’lim muassasa (OTM)lariga qabul uchun yakuniy test natijalari e’lon qilindi. Bundan bir hafta avval esa hukumat talabalarni yotoqxonalar (talabalar turar joylari — TTJlar)ga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlagandi.
Unga ko‘ra, talabalar yotoqxonasiga joylashish uchun yo‘llanmalar dastlab imtiyozli (yotoqxonaga joylashishda ustuvorligi bor talabalar) ro‘yxat, so‘ng umumiy ro‘yxatdagi navbat bo‘yicha avtomatik shakllantiriladi. Talabalarning quyidagi toifalariga yotoqxonaga joylashishda ustuvorlik beriladi:
- “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;
- I va II guruh nogironli bo‘lgan talabalar;
- bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
- xalqaro fan olimpiadalari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan talabalar;
- “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik tanlovlarining respublika bosqichi g‘olib bo‘lgan talabalar;
- OTM talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.
Ikkinchi va undan yuqori kurs talabalarini TTJga joylashtirish an’anaviy tarzda amalga oshiriladi: bunda yotoqxonaga joylashish uchun ariza OTM talabalar turar joylariga joylashtirish komissiyasiga 2023-yil 25-avgustgacha topshirilishi kerak (kelgusi o‘quv yilidan arizalarni onlayn topshirish imkoniyati paydo bo‘ladi).