Institut nizomi
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi
«Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti»
Milliy tadqiqot universitetining
Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti
USTAVI
Qarshi – 2021
I. Umumiy qoidalar
1. “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti (keyingi o‘rinlarda Institut deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 dekabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhandis kadrlarni tayyorlash tizimini innovatsiya va raqamlashtirish asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 42-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
2. Institut davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanib, oliy taʼlimning asosiy va qo‘shimcha taʼlim dasturlarini bajarish bo‘yicha taʼlim faoliyati bilan shug‘ullanadi. O‘zbekiston Respublikasining qonun xujjatlariga muvofiq o‘quv-pedagogik va ilmiy-metodik va boshqa faoliyatni amalga oshiradi hamda taʼlim xizmatlarini ko‘rsatadi.
Z. Institut o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Taʼlim to‘g‘risida”gi Qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oliy va O‘rta maxsus taʼlim vazirligining normativ-huquqiy hujjatlari va mazkur Ustavga amal qiladi.
4. Institut yuridik shaxs hisoblanadi. Operativ boshqaruvida o‘ziga xos maxsus mol-mulkka ega va ushbu mol-mulk bo‘yicha o‘z majburiyatlariga muvofiq javob beradi, o‘z nomidan mol-mulk sotib olishi va mulkiy hamda nomulkiy xuquqlarni amalga oshirish zimmasiga majburiyat olishi, sudda davogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
Mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi g‘aznachiligida shaxsiy hisob varaqlariga, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa, shu jumladan, valyuta bo‘yicha hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, shtamplar va boshqa rekvizitlarga ega.
Institutning yuridik manzili: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Xonobod shox ko‘chasi, 19-uy.
-davlat tilida: kirill alifbosida:
“Тошкент ирригация ва қишлоқ хўжалигини механизациялаш муҳандислари институти” Миллий тадқиқот университетининг Қарши ирригация ва агротехнологиялар институти
- davlat tilida: lotin alifbosida:
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti
- rus tilida:
Каршинский институт ирригации и агротехнологий при Ташкентском институте ирригации инженеров и механизации сельского хозяйства – Национально-исследовательского университета.
- ingliz tilida:
Karshi institute of irrigation and agrotechnology of National Research University of Tashkent institute of irrigation agriculture mechanization engineers.
II. Institutning asosiy vazifalari va faoliyati
5. Institutning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
shaxsning intellektual, madaniy va maʼnaviy-axloqiy kamol topishiga bo‘lgan ehtiyojlarini oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim turlarida maʼlumot olishi orqali qondirish;
oliy taʼlimdan keyingi taʼlim turida oliy malakali ilmiy-pedagog kadrlar (falsafa doktori, fan doktori) tayyorlash;
jamiyatning axloqiy, maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy va ilmiy qadriyatlarini saqlash va boyitish;
har tomonlama rivojlangan va sodiq shaxsni, mustaqil davlat fuqarosini o‘z vatani fidoyisi, xalq jamiyat va oila oldidagi o‘z masʼuliyatini his qiluvchi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qiluvchi, xalq anʼanalarini boyituvchi va mustahkamlovchi, vatanimiz kelajagi uchun vijdonan va halol mehnat qiluvchi etib shakllantirish;
qishloq va suv xo‘jaligi sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni milliy va xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni taʼminlash;
respublika qishloq va suv xo‘jaligi sohasi bo‘yicha erishilgan yutuqlar, xorijiy mamlakatlar tajribasi va Qashqadaryo viloyatidagi ishlab chiqarish sohalarining talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv-metodik adabiyotlarni yaratish;
qishloq va suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilg‘or xorijiy texnologiyalarni qo‘llagan holda ilmiy tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini amaliyotga joriy etish va iqtidorli talaba yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish;
o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi respublika va xorijiy yetakchi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlari va yetakchi tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
o‘quv va malakaviy amaliyotlarni zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari bilan uyg‘unlashtirish, taʼlim berish jarayonida nazariya va amaliyot chambarchas bog‘liqligini taʼminlash va bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish;
respublika va xorijiy oliy ta'lim muassasalari, ilmiy markazlar va yetakchi tashkilotlarga istiqbolli bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish hamda professor-o‘qituvchilarni xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalariga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish orqali Institutning ilmiy salohiyatini oshirib borish;
Institut binolari va unga tegishli obyektlarda umumiy ovqatlanish, oshxona, bufetlarni tashkil etish va faoliyatini yuritish.
III. O‘quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik ishlarning subyektlari, ularning huquq va majburiyatlari
a) Talabalar:
6. Institutga qonunchilikda belgilangan tartibda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlim maʼlumotiga ega bo‘lgan shaxslar arizalariga binoan O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga talabalarni qabul qilish tartibi va qoidalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Institutga qabul barcha uchun (grant, to‘lov-kontrakt bo‘yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi taʼminlanadi. Qolgan abituriyentlar test ballari asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar. Qonunchilikka muvofiq test sinovlarisiz muayyan imtiyoz asosida ham o‘qishga qabul qilish kafolatlanadi.
Amaldagi qonunchilikka asosan xorijiy fuqarolarni o‘qishga qabul qiladi.
Shuningdek, Institutga oliy maʼlumotga ega bo‘lgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi taʼlimni olish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq (ikkinchi va undan keyingi taʼlimda) o‘qishga qabul qilinishi mumkin.
Institut rektorining buyrug‘i bilan qabul qilingan shaxs Institutning talabasi hisoblanadi. Talabaga talabalik guvohnomasi hamda baholash daftarchasi bepul beriladi.
7. Institutning talabalari quyidagi huquqlarga ega:
fan, texnika, zamonaviy texnologiyalar yutuqlariga mos keluvchi bilimlar olish;
Institut axborot resurs markazida mavjud bo‘lgan kitoblar, davriy nashrlar, elektron taʼlim vositalaridan belgilangan tartibda bepul foydalanish;
bepul maslahatlar va tavsiyalar olish;
auditoriyalar, taʼlim jarayoniga oid vositalardan o‘rnatilgan tartibda bepul foydalanish;
taʼlim jarayoni samaradorligi va taʼlim sifatini oshirish yuzasidan o‘z taklif-mulohazalarini, tanqidiy fikrlarini belgilangan tartibda taʼlim muassasasi, dekanat va kafedra rahbariyatiga bildirish va ularni ko‘rib chiqilishini talab qilish;
Institut va fakultet miqyosida o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarda ishtirok etish;
ilmiy-tadqiqot ishlarida va ilmiy konferensiyalarda qatnashish va ularning natijalarini nashr etish;
Institutda qonuniy ravishda faoliyat yuritayotgan jamoat birlashmalariga aʼzo bo‘lish va ular ishida qatnashish;
o‘qishdan tashqari vaqtlarda maʼnaviy-maʼrifiy, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va boshqa qonunchilikka zid bo‘lmagan jamoat ishlarida ishtirok etish;
o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida oliy taʼlim muassasasining o‘zida, shuningdek, boshqa joylarda mehnat qonunchiligiga muvofiq ishlash;
sifatli va yuqori saviyada bilim olishi, tanlagan ixtisosligi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun zarur bo‘lgan qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa huquqlardan foydalanish.
Talaba o‘z xuquqlarini suiisteʼmol qilmasligi, bu huquqlardan o‘zga shaxslar manfaatiga zid maqsadlarda foydalanmasligi shart.
8. Davlat grantlari bo‘yicha va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishning ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi shaklida taʼlim olayotgan talabalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib va miqdorda stipendiya bilan taʼminlanadilar (xorijiy talabalar bundan mustasno).
Talabalar tegishli meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi, nomli Davlat stipendiyalari va Institut ichki Nomdor stipendiyalarini olish huquqiga egadirlar.
9. Harbiy xizmatni o‘tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish taʼtillari davrida talabaga o‘rnatilgan tartibda akademik taʼtil berilishi mumkin.
10. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq kunduzgi o‘quv shaklida taʼlim olayotgan talabalarga Institutda o‘qiyotgan vaqti davomida harbiy xizmatga chaqirish muddatini kechiktirish imkoni beriladi.
11. Institutning talabalar turar joyi sig‘imidan kelib chiqqan holda muhtoj talabalar, Institut talabalar turar joylaridan sanitariya meʼyorlari va qoidalariga javob beradigan joy bilan taʼminlanadi. Talabalar turar joyi uchun to‘lov talabalar turar joylarida kommunal maishiy xizmatlar uchun to‘lovlarni inobatga olib, Institut kengashi tomonidan belgilanadi.
Turar joyga muhtoj talabalar mavjud bo‘lgan holda, Institutning talabalar turar joylari maydonidan boshqa maqsadlarda foydalanish (ijaraga berish, boshqa kelishuvlar)ga ruxsat etilmaydi.
12. Institutdan o‘z xohishi yoki uzrli sabablarga ko‘ra, chetlashtirilgan talaba O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom asosida qayta o‘qishga tiklanish huquqiga ega.
Institutning talabalari belgilangan tartibda boshqa oliy taʼlim muassasalariga o‘qishlarini ko‘chirish (o‘qishga qayta tiklanish) huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi hududida taʼlim faoliyatini olib borish uchun litsenziyaga ega bo‘lmagan nodavlat oliy taʼlim muassasalari va boshqa mamlakatlar oliy taʼlim muassasalarining Institutlari (markazlar, bo‘limlar, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalar)dan talabalarni Institutga o‘qishini ko‘chirish (o‘qishga tiklash) taqiqlanadi.
13. Institut talabalari oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlarda nazarda tutilgan bilimlarni egallashlari, topshiriqlarning barcha turlarini belgilangan muddatda bajarishlari zarur. Institutning ustavi, ichki tartib qoidalari, odob-axloq qoidalari va talabalar turar joylari qoidalariga rioya etishlari shart. Talabalar turar joyi qoidalariga rioya etish talabi ushbu talabalar turar joyida yashayotgan talabalarga taalluqli.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, talabalarni o‘qish vaqti hisobidan taʼlim jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish man etiladi.
Talaba Institutdan quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkin:
a) o‘z xohishiga binoan;
b) o‘qishning boshqa taʼlim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
v) salomatligi tufayli (tibbiy komissiyasi maʼlumotnomasi asosida);
g) o‘quv intizomini va Institutning ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
d) bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
e) o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli (to‘lov-kontrakt bo‘yicha tahsil olayotganlar uchun);
j) talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
z) sud qaroriga ko‘ra kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzganligi aniqlanganda (ushbu holatda talabalar safidan chetlashtirilganlar talabalar safiga qayta tiklanmaydi);
i) vafot etganligi sababli.
Belgilangan muddatlarda fanlarni o‘zlashtira olmagan (akademik qarzdor bo‘lgan) talaba Institut rektorining buyrug‘i bilan kursdan qoldiriladi.
Institut maʼmuriyati tashabbusi bilan “e” kichik bandlariga ko‘ra, talabalarni o‘qishdan chetlashtirish talabalar kasaba uyushmasining yozma roziligini inobatga olgan holda (kasaba uyushmasi aʼzosi bo‘lgan talabalar uchun) amalga oshiriladi. Shuningdek, talaba mazkur Qoidalarning 17-bandi “g” kichik bandiga ko‘ra, chetlashtirilayotgan holda, taʼlim muassasasining “Yoshlar ittifoqi” boshlang‘ich tashkiloti bilan ham kelishilishi mumkin.
Intizomiy jazoga tortilayotgan talaba o‘ziga qo‘llanilgan jazo chorasining qonuniyligi va adolatliligi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat bilan rektorga, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligiga yoki boshqa vakolatli tashkilotlarga murojaat etishi mumkin.
Talabaga nisbatan qo‘llanilgan intizomiy jazo yuzasidan maʼlumot uning shaxsiy yig‘ma jildida saqlanadi.
Talaba Institutdan chetlashtirilganda, unga shaxsiy hujjatlari, belgilangan shakldagi akademik maʼlumotnoma topshiriladi va ularning nusxasi shaxsiy yig‘ma jildda saqlanadi.
Intizomiy jazo choralari talabalarning kasallik yoki taʼtilda bo‘lgan vaqti hisobga olinmagan holda xatti-harakat aniqlangandan so‘ng bir oydan va xatti-harakat sodir etilganidan so‘ng olti oydan kechiktirilmay qo‘llaniladi. Talabalar kasallik paytida, akademik taʼtil yoki homiladorlik va tug‘ish holati bilan bog‘liq bo‘lgan taʼtil paytlarida talabalarga intizomiy jazo choralarini ko‘rish man etiladi.
Talaba kasal bo‘lganligi o‘zi yoki uning ota-onasi tomonidan yozma ariza bilan bevosita dekanatga, odatda, bir haftadan kechiktirilmasdan maʼlum qilinadi va tibbiy maʼlumotnomaning asli taqdim etiladi.
b) Institutning pedagog xodimlari, o‘quv-yordamchi va maʼmuriy-xo‘jalik xodimlari:
15. Institutda pedagog, ilmiy xodimlar, muhandislik-texnika, maʼmuriy xo‘jalik, ishlab chiqarish, o‘quv-yordamchi va boshqa xizmatchilar lavozimlari mavjud. Pedagog xodimlar tarkibiga kafedra mudiri, professor, dotsent, katta o‘qituvchi, o‘qituvchi, assistent va o‘qituvchi-stajyor lavozimlari kiradi.
16. Pedagog xodimlar tarkibidagi lavozimlarni egallash tanlov asosida mehnat shartnomasi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Institut rektori “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti rektori tavsiyasiga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi bilan kelishilgan holda tayinlanadi.
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti Institutlarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlari O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.
Fakultet dekani Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Institut rektorining buyrug‘i bilan tayinlanadi.
17. Institutning pedagog va ilmiy xodimlari quyidagi huquqlarga ega:
belgilangan tartibda Institut va fakultet kengashlariga saylash va saylanish;
Institutning faoliyatiga taalluqli masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;
Institutning axborot resurs markazi, o‘quv va ilmiy bo‘linmalari xizmatlaridan, shuningdek, ijtimoiy-maishiy, tibbiy va boshqa bo‘limlar xizmatlaridan jamoa shartnomasiga muvofiq foydalanish;
o‘qitishning uslub va vositalarini tanlash, o‘quv va ilmiy jarayonning yuqori sifatini taʼminlovchi ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
Institut maʼmuriyatining buyruq va farmoyishlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat qilish;
qonunchilikda belgilangan tartibda tanlovlarda qatnashish, lavozimlarni egallash;
xorijiy hamkasblarning sohaga doir ilmiy va o‘quv-uslubiy adabiyotlari bilan tanishish va ular bilan fikr almashish;
nazariy bilimlari, amaliy tajribasi, ilmiy-tadqiqot olib borish uslubi va pedagogik mahoratini takomillashtirib borish;
talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;
ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, fundamental, amaliy va innovatsiya loyihalari, xorijiy ilmiy loyihalar hamda xo‘jalik shartnomalarida ishtirok etish;
darslik va o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlash, monografiya va ilmiy maqolalar yozish, ixtiro uchun patent, AKT uchun dasturiy mahsulotlarga guvohnomalar olish;
tasdiqlangan rejaga muvofiq ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, ilmiy-tadqiqot ishlarining muhokamasida ishtirok etish va ularning natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish, ilmiy ishlar natijalarini nashr etishga tavsiya berish;
taʼlim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini taʼminlashda qatnashish;
xorijiy yetakchi olimlar, ilmiy markazlar va taʼlim muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirishda ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasining taʼlim sohasiga oid qonunchiligida belgilangan boshqa huquqlardan foydalanish.
18. Institut pedagog va ilmiy xodimlarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
taʼlim to‘g‘risidagi qonunchilik, mehnat va ijro intizomi, Institut ustavi, Ichki mehnat tartibi hamda odob-ahloq qoidalariga qatʼiy rioya qilish, o‘zining xizmat vazifalarini vijdonan bajarish va o‘qituvchilik shaʼniga dog‘ tushirmaslik;
ish jarayonida muloqot qiladigan muassasa xodimlari, talabalari va boshqa shaxslar bilan xushfeʼl munosabatda bo‘lish;
ish beruvchining qonuniy farmoyishlarini bajarish, har yili tasdiqlanadigan shaxsiy reja asosida o‘quv-uslubiy, ilmiy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, xususan:
a) o‘quv yuklamalari hajmini, o‘quv-uslubiy, ilmiy o‘quv-tashkiliy ishlarni tasdiqlangan shaxsiy reja asosida bajarish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarda ishtirok etish;
b) tarbiyaviy ishlarni olib borish, talabalar bilan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarda bevosita ishtirok etish, shu jumladan, darsdan tashqari vaqtlarda o‘tkaziladigan tadbirlarda qatnashish;
v) Institut kengashi tomonidan tasdiqlangan, kafedrada bajariladigan ilmiy mavzularda ishtirok etish;
g) o‘z malakasini muntazam ravishda oshirish;
mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasiga doir qoidalarga rioya qilish;
Institutning mol-mulkini asrab-avaylash, undan oqilona foydalanish;
ish beruvchiga bevosita o‘zining aybi bilan yetkazilgan haqiqiy moddiy zararni qoplash;
Institut jamoatchilik ishlarida qatnashish;
pedagogik va ilmiy jarayonning samaradorligini taʼminlash;
zamonaviy sivilizatsiya va demokratiya sharoitida taʼlim oluvchilarning tanlagan yo‘nalishi (mutaxassisligi) bo‘yicha yuksak kasbiy tayyorgarligi, mehnatga bo‘lgan qobiliyatini shakllantirish;
chet tili va axborot texnologiyalaridan savodxonligini oshirib borish, kamida bir yoki ikkita xorijiy tilni bilish;
taʼlim oluvchilarda mustaqil fikrlash, tashabbuskorlik, ijodiy qobiliyatni shakllantirish;
“Ustoz-shogird” tizimida ishtirok etib, o‘ziga biriktirilgan shogirdlar bilan ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy, tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish;
o‘zining odobi, madaniyati, maʼnaviy saviyasi bilan o‘rnak bo‘lish;
kiyinish madaniyatiga rioya etish;
respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar va jahonda ro‘y berayotgan yangiliklardan xabardor bo‘lish;
Institut, fakultet, kafedra tomonidan tashkil etiladigan madaniy, maʼnaviy, maʼrifiy tadbirlarda faol ishtirok etish;
o‘zi o‘qitadigan fan dasturini muntazam fan va texnika yutuqlari asosida boyitib borish;
darslarni yuqori saviyada o‘tish;
fan yo‘nalishiga tegishli yangi manbalarni topish va ular bilan talabalarni tanishtirib borish;
har o‘quv yili boshlangunga qadar o‘zi o‘qitadigan fan(lar)ning ishchi o‘quv dasturi, kalendar rejasi va reyting nazoratlari jadvalini ishlab chiqish va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlatish;
reyting nazoratlarini o‘z vaqtida o‘tkazish;
talabalar bilimini xolisona baholash;
yangi pedagogik texnologiyalarni dars jarayonida qo‘llash;
ilmiy salohiyati va pedagogik mahoratini oshirish;
talabalar ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;
o‘zining mutaxassisligi bo‘yicha ishlab chiqarish korxonasi va muassasalarda mavjud muammolar haqida maʼlumot va tasavvurlarga ega bo‘lish hamda ishlab chiqarish jarayonida mavjud muammolarning yechimiga oid tadqiqot mavzularga ega bo‘lish;
olib borayotgan tadqiqot mavzusi asosida shaxsan yoki hammualliflikda ishlanma va texnologiyalar yaratish;
mutaxassisligi bo‘yicha tayanch oliy taʼlim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalarida malakasini oshirish yoki stajirovkadan o‘tish;
oliy taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda faol qatnashish.
19. Institut xodimlarining chet el xizmat safarlari vazirlik tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalaridan xorijiy safarlarga borish tartibi to‘g‘risida”gi muvaqqat yo‘riqnoma asosida amalga oshiriladi.
20. Institut pedagog xodimlarining uch yilda kamida bir marotaba malakasini oshirishini taʼminlaydi.
21. Institutning maʼmuriy-xo‘jalik, muhandislik-texnika, o‘quv-yordamchi va boshqa xizmat xodimlarining huquq va majburiyatlari Ichki tartib hamda odob-axloq qoidalari va lavozim yo‘riqnomalari bilan belgilanadi.
IV. O‘quv-tarbiyaviy ishlar
22. Institutda ishlab chiqarishdan ajralgan holda (kunduzgi va sirtqi taʼlim shakli) quyidagi bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi:
Bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari:
60310100 - Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha);
60412300 - Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish;
60711400 - Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish (suv xo‘jaligida);
60722600 - Geodeziya va geoinformatika;
60811300 - Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash va dastlabki ishlash texnologiyasi (mahsulotlar turlari bo‘yicha);
60810600 - Yer kadastri va yerdan foydalanish;
60810100 - Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish;
60812300 - Suv xo‘jaligi va melioratsiya;
60812500 - Gidrotexnika inshootlari va nasos stansiyalaridan foydalanish;
60730900 - Gidrotexnika qurilishi (suv xo‘jaligida);
60710400 - Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi (suv xo‘jaligida).
Magistratura mutaxassisliklari:
70711401 - Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish (tarmoqlar bo‘yicha);
70810601 - Yer resurslaridan foydalanish va boshqarish;
70810101 - Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish (tarmoqlar bo‘yicha);
70812302 - Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik;
70812306 - Suvtejamkor sug‘orish texnologiyalari;
70812502 - Nasos stansiyalari va qurilmalaridan foydalanish va tashxisi.
23. Institut taʼlimning asosiy taʼlim dasturlarini bir bosqichda bakalavriatda amalga oshiradi.
Bakalavriat - taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, o‘qish muddati 4 yildan kam bo‘lmagan tayanch oliy taʼlimdir.
Bakalavr dasturini tugatgan bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlari bo‘yicha taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha “bakalavr” darajasi beriladi hamda davlat namunasidagi diplom topshiriladi.
Davlat namunasidagi bakalavr diplomi uning egalariga kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish yoki tanlangan taʼlim yo‘nalishiga va mutaxassisligiga muvofiq taʼlim muassasalarining navbatdagi bosqichlarida o‘qishni davom ettirish yoki egallagan mutaxassisligi bo‘yicha ishlash huquqini beradi. Oliy taʼlimning turli bosqichida asosiy taʼlim dasturlari bo‘yicha dastlabki taʼlim olish, ikkinchi oliy taʼlim olish sifatida qaralmaydi.
24. Institutda taʼlim jarayonini tashkil etish, tayanch oliy taʼlim muassasalari tomonidan ishlab chiqiladigan va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va fanlarning dasturlari, rektor (o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor) tomonidan tasdiqlangan yillik kalendar o‘quv jadvali hamda mashg‘ulotlar jadvali bilan tartibga solinadi.
Taʼlim jarayonini maqsadli tashkil etish, yaʼni taʼlim shakllari, uslub va vositalarni tanlash yo‘li bilan Institut talabalarga oliy taʼlimning asosiy kasbiy taʼlim dasturlarini o‘zlashtirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishi lozim.
Taʼlim-tarbiya jarayonining birligi davlat taʼlim standartlari bilan taʼminlanadi. Institutning ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar fanlari kafedralari, maʼnaviy-maʼrifiy va sport bo‘g‘inlariga, talabalar va boshqa jamoatchilik tashkilotlariga, rahbarlik qilish va ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borish Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha prorektor tomonidan amalga oshiriladi.
25. Institutda o‘quv mashg‘ulotlarining quyidagi asosiy turlari belgilangan: maʼruza, konsultatsiya, seminar, amaliy mashg‘ulot, laboratoriya ishi, nazorat ishi, kollokvium, mustaqil ish, amaliyot, kurs loyihasi (kurs ishi), bakalavrlik bitiruv malakaviy ishi.
Auditoriya mashg‘ulotlarining barcha turlari uchun 80 daqiqalik (tanaffussiz qo‘shma maʼruza) akademik soat belgilangan. O‘quv mashg‘ulotlari orasidagi tanaffus kamida 10 daqiqa bo‘ladi.
Taʼlim va tarbiya olib boriladigan tillar: o‘zbek, rus va ingliz tillari hisoblanadi.
Institutda asosiy kasbiy taʼlim dasturi doirasida taʼlim olishning barcha shakllari uchun o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqilgan va “Uzstandart” agentligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan davlat taʼlim standarti qo‘llaniladi.
Institutda taʼlim dasturlarini o‘zlashtirish Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlangan va Adliya vazirligidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq tartibga solinadi. “O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risidagi Nizom”ga asosan bitiruvchilarning yakuniy attestatsiyasi bilan tugallanadi. O‘zlashtiruvchi talabalarni kursdan kursga o‘tkazish fakultet dekanining tavsiyasiga binoan rektor buyrug‘i bilan amalga oshiriladi. Talabalarni kursdan kursga shartli o‘tkazish mumkin emas.
Institutda ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, taʼlimni individuallashtirish va mustaqil taʼlim olish vositalarini, kredit-modul tizimi hamda masofaviy taʼlim berishni qo‘llash hisobiga mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga yo‘naltirilgan ilmiy-uslubiy ishlar amalga oshiriladi.
V. Institutning tarkibi
29. Institutning tarkibiga quyidagilar kiradi:
a) Fakultet va kafedralar:
Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakulteti:
Umumtexnik fanlar kafedrasi;
Matematika va tabiiy fanlar kafedrasi.
Innovatsion Gidromelioratsiya fakulteti:
Irrigatsiya va melioratsiya kafedrasi;
Gumanitar fanlar kafedrasi.
Yer kadastri va geoinformatika fakulteti.
b) Bo‘lim va markazlar:
O‘quv-uslubiy bo‘lim;
Axborot-resurs markazi;
Raqamli taʼlim texnologiyalari markazi;
Sirtqi bo‘lim;
Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat bo‘limi;
Talabalar turar joyi;
Psixolog;
Ilmiy-tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash bo‘limi;
Iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi;
Nashriyot bo‘limi;
Magistratura bo‘limi;
Innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limi;
Ishlar boshqarmasi;
Buxgalteriya;
Reja-moliya bo‘limi;
Muhandis;
Texnik foydalanish va xo‘jalik bo‘limi;
O‘qitishning texnik vositalari bo‘limi;
Fuqaro va mehnat muhofazasi bo‘limi;
Energetik;
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari va monitoring bo‘limi;
Taʼlim sifatini nazorat qilish bo‘limi;
Xodimlar bo‘limi;
Xalqaro hamkorlik bo‘limi;
Marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi;
I va II bo‘limlar;
Devonxona va arxiv;
Yuriskonsult;
Auditor;
Matbuot kotibi;
v) Institut negizida Akademik litsey faoliyat ko‘rsatadi.
30. Institutning tasdiqlangan tuzilmasiga zarur hollarda o‘zgarishlar belgilangan tartibda kiritiladi.
VII. Institutni boshqarish
31. Institutni boshqarish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi hamda ushbu Ustavga muvofiq yakka rahbarlik va Institutning kengashi, Vasiylik kengashi orqali jamoatchilik boshqaruvini uyg‘unlashtirish tamoyili asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi namunaviy nizom asosida Institutda jamoatchilik kengashi faoliyat yuritadi.
32. Institut Ustavi Oliy va O‘rta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
33. Institutni bevosita boshqarishni Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri tomonidan tayinlangan rektor amalga oshiradi.
Rektor Institut faoliyatiga, shuningdek, Institutning Ichki tartib va odob-axloq qoidalari hamda mazkur Ustavda belgilangan majburiyatlar uchun to‘la masʼuldir.
Rektor O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Institut nomidan ish olib boradi, barcha idoralar, muassasalar, korxonalarda uning vakili sifatida qatnashadi, Institutning mol-mulkiga masʼullik qiladi, shartnomalar tuzadi, ishonchnomalar beradi, bank muassasalarida Institutning hisob raqamlarini ochadi, moliyaviy mablag‘lardan o‘rnatilgan tartibda foydalanish bo‘yicha farmoyishlar beradi.
Rektor Institut vakolati doirasida:
Institut faoliyatiga rahbarlik qiladi hamda Institutga yuklangan maqsad va vazifalarni bajarilishi uchun javobgar hisoblanadi;
Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda fakultet dekanlari, bosh buxgalter va bosh buxgalter o‘rinbosari-auditorni lavozimiga tayinlaydi hamda lavozimidan ozod qiladi;
Institut prorektorlari lavozimiga nomzodlarni tavsiya etadi va prorektorlar, dekanlarning muayyan vazifalari hamda masʼuliyatlarini belgilaydi;
Institut xodimlari va xizmatchilarini, shuningdek ilmiy-pedagogik xodimlarni O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda ishga olish va bo‘shatishni amalga oshiradi;
yuridik xizmati xodimlarini tegishli adliya organi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
Institut tarkibiga kirgan ilmiy-tadqiqot, tajriba-eksperimental hamda boshqa tashkilot va bo‘linmalarning vazifalarini belgilaydi va ular to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
Institut xodimlarining lavozim maoshlariga har oylik ustamalar va qo‘shimchalarni belgilangan tartibda belgilaydi (rektor va prorektorlar bundan mustasno);
Kasaba uyushma qo‘mitasi yoki Institutning boshqa vakolatli organi bilan kelishgan holda Institutning Ichki tartib qoidalarini tasdiqlaydi;
Institutning amaldagi qonun hujjatlari yoki vazirlikning normativ-huquqiy hujjatlari buzilgan holda chiqarilgan buyruqlarini bekor qiladi;
Institutda namunaviy shtat birliklariga muvofiq ajratilgan mablag‘lar hamda ish haqi fondi, tasdiqlangan Institut xodimlarining soni va lavozim maoshlari, tarif setkasi doirasida Institut pedagog xodimlar va boshqa xodimlarining shtat jadvalini tasdiqlaydi;
Institut kengashining tavsiyasiga ko‘ra, o‘rnatilgan tartibda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq fakultetlarni, kafedralarni ochish yoki yopish qarorlarini tasdiqlaydi.
“Oliy taʼlim muassasasining kafedrasi to‘g‘risidagi Nizom” talablaridan kelib chiqqan holda Institut kengashining tavsiyasiga ko‘ra, kafedralar tashkil etiladi yoki tugatiladi.
Institut rektoriga o‘zi ishlayotgan oliy taʼlim muassasasi va undan tashqarida haq to‘lanadigan boshqa rahbarlik lavozimida (ilmiy va ilmiy - metodik rahbarlikdan tashqari) o‘rindoshlik bo‘yicha ishlashga ruxsat etilmaydi. Rektor o‘z vazifalarini o‘rindoshlik bo‘yicha bajarishi mumkin emas.
34. “Oliy taʼlim to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq Institut faoliyatining asosiy masalalarini ko‘rish uchun Kengash tashkil etiladi.
Kengash tarkibiga rektor kiradi va Kengash raisi hisoblanadi, prorektorlar, fakultetlar dekanlari hamda kafedralar mudirlari, bo‘lim boshliqlari, Institut xodimlari, kasaba uyushmasi kengashi hamda Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti vakillari kiradi. Kengashning boshqa aʼzolari umumiy majlisda (konferensiyada) yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.
Professor-o‘qituvchilar tarkibidan Kengashga saylanadiganlar soni rektor buyrug‘i bilan belgilanadi.
Kengashning vakolati, uni saylash va faoliyat yuritish tartibi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasasining Kengashi to‘g‘risida”gi namunaviy Nizom bilan belgilanadi.
35. Institut kengashining vakolatlari:
konferensiyalarni tashkil etish, shuningdek, uning o‘tkazilishi bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
Institutni rivojlantirishning asosiy istiqbolli yo‘nalishlarini, shu jumladan, uning taʼlim va ilmiy faoliyatini belgilash;
o‘quv jarayonini tashkil etishning asosiy masalalari, shu jumladan, o‘quv rejasini tuzish, yakuniy nazoratlar bo‘yicha talabalarni o‘zlashtirishi natijalarini ko‘rib chiqish;
moliyaviy - xo‘jalik faoliyatini rejasini va Institutni rivojlantirish dasturini ko‘rib chiqish;
Institut rektorining yillik hisobotlarini tinglash;
taʼlim, ilmiy-tadqiqot masalalari bo‘yicha axborot tahliliy, moliyaviy-iqtisodiy faoliyatini, shuningdek, Institutning xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha qarorlarini qabul qilish;
Institut kengashining ish rejasini tasdiqlash;
Institut pedagog xodimlarini nomzodlarni ilmiy unvonlar olishga tavsiya qilish;
Institut faoliyatini amalga oshiruvchi tarkibiy bo‘limlarni tuzish va tugatish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish (ilmiy, ilmiy-tadqiqot va ilmiy-texnik laboratoriya faoliyatini amalga oshirish, ilmiy-texnik faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlarning taʼlim faoliyatini amalga oshiruvchi bo‘limlar tashkil etish va tugatish to‘g‘risida);
Institut pedagogik xodimlarini tanlovdan o‘tkazish;
Institut xodimlarini Davlat mukofotlariga tavsiya berish;
Institut kengashi tomonidan tasdiqlangan qoidalar asosida faxriy unvonlar berish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi, Davlat va nomdor stipendiyalariga talabalar nomzodlarini tavsiya qilish.
36. Institutni boshqaruvchi jamoatchilik organi Vasiylik kengashi tashkil etiladi. Vasiylik kengashining vakolatlari, shakllantirish tarkibi va faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasasining vasiylik kengashi to‘g‘risidagi namunaviy nizom”ga muvofiq belgilanadi.
37. Institutda Institut kasaba uyushmasi qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi va Xotin-qizlar qo‘mitasi jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatadi. Institut kasaba uyushmasi qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi va Xotin qizlar qo‘mitasi faoliyati jamoa shartnomalari va boshqa hujjatlar bilan tartibga solinadi.
38. Institutning majburiyatlari:
Institutning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishiga, mehnat madaniyati va intizomini ko‘tarilishiga erishish, xodimlarning kasb mahoratini yuksaltirish, tarif stavkalarini amaldagilariga nisbatan pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik;
ishlab chiqarish dasturini bajarish uchun mehnat jamoasini moddiy-texnik resurslar va moliyaviy mablag‘lar bilan o‘z vaqtida taʼminlab borish;
mehnat unumdorligini yuksaltirish, ilg‘or tajribani o‘zlashtirish, fan va texnika yutuqlarini amaliyotga joriy etish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish;
ishlab chiqarish dasturining bajarilishi, Institutning moliyaviy ahvoli va olingan foydaning ishlatilishi haqida mehnat jamoasini muntazam xabardor qilib borish;
Institutning o‘zida, xodimlar uchun kasbiy tayyorgarlik, boshqa kasbga o‘rgatish, malaka oshirish ishlarini olib borish;
jamoa shartnomasini tuzishga, uning bajarilishi ustidan nazoratni yo‘lga qo‘yishga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida, boshqa qonunlarida, Institutning taʼsis hujjatlarida, jamoa kelishuvlarida hamda jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa masalalarga oid maʼlumotlarni Kasaba uyushma qo‘mitasiga taqdim etib borish;
belgilab qo‘yilgan mehnat tartibi doirasida kasaba uyushma qo‘mitasi bilan hamkorlik qilish, o‘zaro takliflar va talablarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, mehnat bahslarini muzokara yo‘li bilan hal etish.
Amaldagi nizomlarga muvofiq Institutda ilmiy-uslubiy, ilmiy-texnik kengashlar va komissiyalar, yosh olimlar kengashi va boshqalar tashkil etilishi mumkin. Direksiya va kengash o‘z faoliyatida Institut jamoat tashkilotlarining tavsiyalarini ko‘rib chiqadi va o‘z faoliyatlarida ularni hisobga oladi.
39. Institutning fakultet dekanlari “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti rektori bilan kelishilgan holda Institut rektori tomonidan tayinlanadi.
Fakultet dekani o‘z faoliyatida “Fakultet to‘g‘risida”gi Nizomga amal qiladi. Fakultet kengashi tashkil etiladi, Fakultet kengashining tarkibi, vakolatlari, shakllantirish va faoliyatining tartibi “Fakultetning Kengashi to‘g‘risida"gi Nizom bilan belgilanadi.
40. Kafedra faoliyatiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Nizomga muvofiq tanlov asosida Institut kengashi tomonidan saylanadigan kafedra mudiri rahbarlik qiladi. Kafedra mudirining vakolatlari va kafedra faoliyatining tartibi “Oliy taʼlim muassasasining kafedralari to‘g‘risida”gi nizom asosida va xizmat majburiyatlari bilan belgilanadi.
VII. Institutning moliya-xo‘jalik faoliyati va moddiy-texnik bazasi
41. Institutga ushbu Ustavda nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish va foydalanish maqsadida davlat tomonidan binolar, inshootlar, mulkiy majmualar, Institutning pasportiga muvofiq asbob-uskunalar, shuningdek isteʼmol, ijtimoiy, madaniy va boshqa maqsadlar uchun zarur bo‘lgan mulklar biriktirilgan.
Institut O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshiriladigan davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan obyektlar qatoriga kiritilgan. Institutga ajratilgan yer uchastkalari muddatsiz bepul foydalanish uchun biriktirilgan.
42. Institutga jismoniy va yuridik shaxslardan sovg‘a, hadya yoki vasiyat bo‘yicha berilgan pul mablag‘lari, mol-mulk va boshqa mulkiy obyektlarga, Institut faoliyatining samarasi hisoblangan intellektual va ijodiy mahsulotlarga, shuningdek o‘z faoliyati orqali oladigan daromadlar va bu daromadlar hisobidan sotib olinadigan mulkiy obyektlarga egalik qilish huquqi berilgan.
43. Institut mol-mulkni ijaraga oluvchi va mol-mulkni ijaraga beruvchi sifatida faoliyat ko‘rsatish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Davlat mulkini ijaraga berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq Institut o‘ziga biriktirilgan ijaraga berilishi qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan binolar, inshootlar va ularning qismlari, asbob-uskunalar, transport vositalari shaklidagi davlat mulki va boshqa mol-mulklarni Institut kengashining roziligi bilan tasarruf etish huquqisiz, belgilangan narxlar bo‘yicha ijaraga berishni amalga oshiradi. Ijara haqi sifatida olingan mablag‘larning tegishli qismi taʼlim jarayonini rivojlantirish uchun foydalaniladi.
44. Institut faoliyatini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya tashkilotlarning grantlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
45. Institutning asosiy faoliyatidan chetlanmagan tartibda taʼlim va boshqa sohalarda pullik xizmat faoliyatini amalga oshirish mumkin. Institutda shug‘ullanadigan tadbirkorlik faoliyati uning ustavida belgilangan vazifalarga mos kelishi kerak. Institut pullik taʼlim xizmatlari, konsultatsiyalar va boshqa xizmatlar uchun narxlarni belgilash, soliq va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa majburiy to‘lovlardan so‘ng qolgan daromadni mustaqil tasarruf etish huquqiga ega.
Institut O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga hamda mazkur Ustavga zid bo‘lmagan shartnomalarni tuzish, majburiyatlar va boshqa shartlarni belgilash bo‘yicha masalalarni mustaqil hal qiladi.
46. Institutda lavozim maoshlari “Oliy taʼlim muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida”gi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq belgilanadi. Institut xodimiga lavozim maoshi, o‘z funksional vazifalarni hamda mehnat shartnomasida nazarda tutilgan ishlarni bajarganligi uchun to‘lanadi. Qo‘shimcha maosh, ustama, moddiy yordam va boshqa moddiy rag‘batlantirish tadbirlarining hajmini Institut mustaqil, ish haqi fondi doirasida qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va hajmda belgilaydi.
47. Institutda tashkil etilgan jamoat tashkilotlariga faoliyat ko‘rsatishlari uchun zarur bo‘lgan xonalarni ajratadi. Institut hududida joylashgan tibbiyot tayanch maskani hamda talabalar, tinglovchilar va xodimlarga xizmat ko‘rsatuvchi oshxona, bufetlar va boshqa umumiy ovqatlanish muassasalariga isitish, yoritish va suv taʼminoti bilan taʼminlangan xonalar ajratiladi. Institutning tegishli binolarini taʼmirlash, rekonstruksiya qilish yoki yangilarini qurish, ularning moliyaviy taʼminoti qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
VIII. Xalqaro hamkorlik
48. Institut O‘zbekiston Respublikasi “Taʼlim to‘g‘risida”gi qonunining 33-moddasiga muvofiq taʼlim muammolari yuzasidan xalqaro hamkorlikda ishtirok etish, xorijiy davlatlarning tegishli o‘quv yurtlari bilan belgilangan tartibda aloqalar o‘rnatish huquqiga ega. Chet el fuqarolarini o‘qitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, taʼlim muassasasi ilmiy-pedagogik xodimlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida o‘qituvchilik va ilmiy-tadqiqotchilik ishlari davlatlararo organining xorijiy davlatlarning taʼlimni boshqarish bo‘yicha tegishli organlari orasidagi shartnomalar, shuningdek, Institutning qonunchilikka muvofiq chet el fuqarolari va xorijiy yuridik shaxslar bilan bevosita tuzgan shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
49. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari deb qaralishi mumkin bo‘lmagan, xorijiy sheriklar bilan hamkorlikdagi faoliyat to‘g‘risida belgilangan tartib asosida shartnomalar tuzish huquqiga ega.
50. Institut O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq ushbu Ustavda nazarda tutilgan va “Taʼlim to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni bajarishga, shuningdek, xalqaro aloqalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.
IX. Yakuniy qoidalar
Institut O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda quyidagilarga javob beradi:
uning vakolatiga kiritilgan vazifalarni bajarmaganligi yoki yetarli darajada va sifatsiz bajarganligiga;
taʼlim jarayonida o‘quv reja va jadvallarga muvofiq taʼlim dasturlari hajmini to‘liq bajarmaganligiga;
taʼlim jarayoni vaqtida Institutda talabalar, tinglovchilar, doktorantlar, professor-o‘qituvchilar va boshqa xodimlarning hayot xavfsizligiga;
taʼlim oluvchilar va Institut xodimlarining huquq va erkinliklarining buzilganligiga;
O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa xatti-harakatlarga.
Institut faoliyatini qayta tashkil etish va tugatish amaldagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Mazkur Ustav Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlangandan so‘ng, o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi va kuchga kiritiladi.
Ushbu Ustavga o‘zgartirish yoki qo‘shimchalar kiritish Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining buyrug‘iga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiriladi.