Abituriyent qabul komissiyasiga tegishli hujjatlarni topshirishi, topshirgan hujjatlariga mos maʼlumotlar abituriyentlar bazasiga to‘g‘ri kiritilganini tasdiqlashi lozim. Qabul jarayoni tugagandan so‘ng abituriyentning murojaatlari (shikoyatlari) inobatga olinmaydi.
Abituriyent ruxsatnomasida ko‘rsatilgan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etadi.
Test sinovlari jarayonida abituriyent quyidagi huquqlarga ega:
-
savollar kitobchasidan qoralama sifatida foydalanish;
-
test topshiriqlarini belgilangan muddatdan oldin bajarish, undan so‘ng test materiallarini tartib bilan guruh nazoratchisiga topshirish hamda test sinovlari o‘tkaziladigan hududdan chiqib ketish.
Abituriyent test sinovlari o‘tkaziladigan kuni binoga tegishli hududga soat 07:00 (ikkinchi smena soat 13:00) gacha, binoga soat 07:30 (ikkinchi smena soat 13:30) gacha faqat abituriyent ruxsatnomasi va pasport bilan shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalari orqali tartibli ravishda kirishi, test sinovlarini o‘tkazish qoidalariga qatʼiy amal qilishi bilan birgalikda, birinchi smenada soat 07:30 dan 08:00 gacha, ikkinchi smenada soat 14:30 dan 15:00 gacha quyidagi ishlarni amalga oshirishga majbur:
-
test topshiriqlari kitobi va unga mos raqamli javoblar varaqasi raqamlari mosligini tekshirish;
-
test materiallari nuqsonsizligini tekshirish va nuqson borligi aniqlansa, darhol guruh nazoratchisiga xabar berish;
-
javoblar varaqasi to‘g‘ri to‘ldirilishini taʼminlash;
-
test topshiriqlari kitobi muqovasida va javoblar varaqasida ko‘rsatilgan tegishli joyga familiyasi, ismi, otasining ismini yozib, imzo qo‘yish;
-
javoblar varaqasi raqamini abituriyent ruxsatnomasi va titul varaqasining tegishli joyiga to‘g‘ri ko‘chirib imzo qo‘yish;
-
titul varaqasida ko‘rsatilgan maxsus kod va taʼlim muassasasi kodini javoblar varaqasida ko‘rsatilgan joyga to‘g‘ri ko‘chirib yozish va tegishli doirachalarni bo‘yash.
Abituriyent yuqorida ko‘rsatilgan majburiyatlaridan tashqari quyidagilarga shaxsan javobgar hisoblanadi:
-
javoblar varaqasini havo rang pastali sharikli ruchka bilan to‘ldirish;
-
javoblar varaqasini bukmaslik, marker chizig‘iga yozmaslik, javoblar varaqasi raqami ostida joylashgan doirachalarni bo‘yamaslik;
-
javoblar varaqasi bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjat bo‘lganligi uchun uni to‘g‘ri to‘ldirish;
-
belgilangan vaqt tugaguniga qadar test topshiriqlari kitobida mavjud test topshiriqlarini bajargan holda javoblar varaqasining mos tartib raqamidagi tegishli doirachalarini bo‘yab, test topshiriqlari kitobini va unga mos bo‘lgan javoblar varaqasini guruh nazoratchisiga topshirish.
Test topshiriqlari umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimining umumtaʼlim fanlari o‘quv dasturlariga muvofiq tuziladi.
Abituriyentlar tanlagan taʼlim yo‘nalishiga qarab tegishli ravishda bir, ikki yoki uchta fan majmuasi bo‘yicha test sinovini topshiradi.
Test topshiriqlari kitobidagi mavjud har bir fan 30 tadan test topshirig‘ini o‘z ichiga oladi.
Test topshiriqlarini bajarish uchun (javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga) 30 ta test topshirig‘iga 1 soat, 60 ta test topshirig‘iga 2 soat, 90 ta test topshirig‘iga 3 soat vaqt belgilanadi.
Har bir test topshirig‘iga 4 tadan (“A”, “B”, “C”, “D”) muqobil javoblar beriladi.
Abituriyent tomonidan har bir test topshirig‘iga faqat bitta javob belgilanishi shart bo‘lib, test topshiriqlari kitobida to‘g‘ri deb hisoblangan javoblarni javoblar varaqasidagi mos tartib raqamli doirachadan bittasini bo‘yaydi (javoblar varaqasida bo‘yalgan javoblarni o‘zgartirish mumkin emas). Agar javoblar varaqasidagi «belgilash uchun namuna» qoidasiga rioya etilmasa, jumladan bitta test topshirig‘iga javoblar varaqasida tegishli doiracha bo‘yalmasa yoki ikki va undan ortiq doiracha bo‘yalsa yoxud to‘liq bo‘yalmasa ushbu test topshirig‘iga ball berilmaydi.
Abituriyentning test sinovlarini topshirish vaqtida guruhdan chiqishi taqiqlanadi, chiqqan abituriyentlar qaytadan test sinovlariga qo‘yilmaydi. Sog‘lig‘iga salbiy taʼsir etuvchi holatlarda test materiallarisiz kuzatuv ostida guruhdan chiqish hollari bundan mustasno.
Quyidagi hollarda abituriyent test sinovlari jarayonidan chetlashtiriladi va natijalari chiqarilmasligiga asos bo‘ladi:
-
test sinovlari o‘tkaziladigan hududga yoki binoga kirishda mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalar, shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa, olib kirgan bo‘lsa yoki ulardan test sinovlari davomida foydalansa;
-
test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki ularga yordam bersa;
-
test materiallarini binodan tashqariga chiqarsa, test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirtsa;
-
test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugaganda test materiallarini topshirishdan bosh tortsa;
-
test sinovlari jarayonida videokuzatuvlar orqali abituriyentning tartib va qoidalarga amal qilmaganligi aniqlansa.
Davlat komissiyasi majlisining 2020 yil 1-son bayoni bilan, Respublika OTMlariga umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan xotin-qizlar uchun to‘rt foizli qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarining hududlar kesimidagi taqsimoti tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, yangi o‘quv yilida xotin-qizlar uchun OTMlar bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakliga qo‘shimcha 940 ta kvota ajartildi.
Shunnigdek, 2022/2023 o‘quv yilida xotin-qizlar ushbu tanlovda ishtirokini taʼminlash maqsadida tegishli tavsiyanomalarni opreativ tarzda berish vakolati Tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga yuklatildi.
2022 yil 15 iyunga qadar tegishli tavsiyanomalar xotin-qizlarga beriladi.
2022 yil 20 iyunga qadar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan tavsiyanoma berilgan talabgorlarning yakuniy ro‘yxati DTMga taqdim etiladi.
Manba: https://t.me/eduuz/2606